
Yakkasaroy tumani "Ish Plus" ofisida kar va zaif eshituvchi ish izlovchilar uchun trening bo‘lib o‘tdi
2024-yilning 4-iyul kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi “INSON” ijtimoiy xizmatlar markazi binosida zaif eshituvchi ish izlovchilar uchun www.ishplus.uz loyihasining navbatdagi treningi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda rezyume tayyorlash, ish beruvchi bilan suhbatda ishtirok etish, ish topishning samarali usullari haqida batafsil ma‘lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi ijtimoiy buyurtmasiga muvofiq nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarning o‘z mehnat huquqlaridan xabardor oshirish ishlari amalga oshirilib kelinyapti. Yakkasaroy tumani "Ish Plus" ofisi xodimlari - ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinator Abdurahmon Akramov va ish izlovchilar bilan ishlovchi koordinator Madina Po‘latovalar trening o‘tkazdi va o‘zbek imo-ishora tili tarjimonlari ham ishtirok etishdi.
www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali xodimlari ish izlovchilar uchun yumshoq ko‘nikmalarini shakillantirish, xususan rezyume tayyorlash, ish beruvchi bilan suhbatda ishtirok etish, ish topishning samarali usullari mavzusida trening bo‘lib o‘tdi. Treningda 15 dan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar ishtirok etishdi.
Aksariyat eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar www.ishplus.uz veb portalida e‘lon qilinayotgan vakansiyalardan norozi ekanliklari aytib o‘tildi. Sababini o‘rganganimizda har bir ish izlovchi o‘zi yashovchi tumanda o‘ziga munosib vakansiyalar topa olmayotganligi, uyda o‘tirib, qo‘l mehnati yordamida bajariladigan ishlar kamligi, vakansiyalar bo‘lsa ham, oylik maoshi qoniqtirmasligi, www.ishplus.uz ma‘lumot xizmati bilan bog‘lanishda muammolarga duch kelishayotgani, o‘zlari haqilaridagi ma‘lumotlarni to‘liq ifodalab bera olmasliklari va buning natijasida ish beruvchilar ularni tushunmasligida va boshqa bir qancha muammolar haqida aytib o‘tishdi.
Shu bilan bir qatorda eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan ish izlovchilarning ko‘pchiligi, o‘zi xohlagan vakansiyaga yetarlicha bilim-ko‘nikmalarga ega emasligi, ayrim to'siqlar sabab, bor qobiliyatlarini ham namoyish eta olmayotganliklari, o‘zlarida shakllanib qolgan:
"Agar rasmiy shartnoma bilan ishlasak, nogironlik nafaqamiz olib qo‘yiladi" - degan no‘to‘g‘ri tushunchaga ega ekanliklari kabi bir qator muammolar ham aniqlandi.
Treningda ish izlovchilar tomonidan so‘ralgan savollarga spikerlar tomonidan batafsil javoblar berildi hamda ularning fikr va takliflari atroflicha o‘rganish uchun www.ishplus.uz veb portali xodimlari muhokamasiga taqdim etildi. Yangilik sifatida www.ishplus.uz ma‘lumot xizmatining +998 (90) 818-07-08 raqamida WhatsApp orqali video koll-markaz tashkil etilishi e‘lon qilindi.
