Yangiliklar

TMEK ma'lumotnomasidagi “Mehnatga layoqatsiz” yozuvini qanday o‘zgartirsa bo‘ladi?

www.ishplus.uz loyihasi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat masalalari bo‘yicha sizning savollaringizga bizning mutaxassislarimiz javob berishadi.

SAVOL:
Tibbiy mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) xulosasidagi “Mehnatga layeqatsiz” deb yozilgan xulosani “Mehnatga layoqatli” deb o‘zgartirish uchun qayerga murojaat qilish mumkin va bunda yana tibbiy ko‘riklardan o‘tishim kerak bo‘ladimi?

❗️JAVOB:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 01.07.2011 yildagi 195-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolarni tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 28-bandida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish layoqati 3 ta darajaga ajratilgan, yaʼni:
  1. Mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish layoqatining I darajada buzilishi bu, malaka, og‘irlik, keskinlik pasaygan va (yoki) ish hajmi kamayganda mehnatning odatdagi sharoitlarida mehnat faoliyatini bajarish layoqati, mehnatning odatdagi sharoitlarida past malakali mehnat faoliyatini bajarish imkoni saqlanib qolgan holda asosiy kasb bo‘yicha ishni davom ettira olmaslik;
  2. II darajasi-yordamchi texnik vositalardan foydalanib va (yoki) boshqa shaxslar yordamida maxsus tashkil etilgan mehnat sharoitlarida mehnat faoliyatini bajarish layoqati;
  3. III darajasi-mehnat faoliyati bilan shug‘ullana olmaslik yoki mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib bo‘lmasligi (yoki mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanganligi).
Mehnat layoqati bilan shug‘ullanishning 1 darajada buzilishi bu uchinchi guruh nogironligi belgilangan shaxslarga, 2 va 3 darajada buzilishi esa ikkinchi guruh nogironligi belgilangan shaxslarga tegishli. Yaʼni bugungi kunda ayrim ikkinchi guruh nogironligi belgilangan shaxslarga kasallikning turi, og‘irlik darajasi, kasallikning kechishi va klinik prognozi, maʼlumoti, kasbiga qarab, uning bajarayotgan mehnat faoliyati uning sog‘lig‘iga zarar yetkazmaydigan holatlarda, ularga yordamchi texnik vositalardan foydalanib va (yoki) boshqa shaxslar yordamida maxsus tashkil etilgan mehnat sharoitlarida mehnat faoliyatini bajarishi mumkin degan mehnat tavsiyasi beriladi.

Shuningdek bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shasxlarga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 26.03.2020 yilda tasdiqlangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ratsional ishga joylashtirish bo‘yicha normativ hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi qo‘shma qaroriga asosan beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 17.07.1992 yildagi 328-sonli qaroriga asosan 2008 yil 8 avgustda Vazirlar Mahkamasining 175-sonli qarori chiqqunga qadar ikkinchi guruh nogironligi belgilangan shaxslarga mehnatga layoqatsiz deb topilgan va TMEK maʼlumotnomalariga rasmiylashtirilgan. Ushbu maʼlumot tavsiya tusiga ega bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shasxlarni mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun yoki ratsional ishga joylashishiga qatʼiy qarshi ko‘rsatma hisoblanmaydi.

Loyiha mutaxassislari ushbu masala yuzasidan Toshkent shahar Bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi bilan olib borgan suhbatimizda quyidagi taklif berildi:

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik belgilangan hududiy TMEKga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish layoqati to‘g‘risida maʼlumot olish uchun murojaat qiladi. TMEK tomonidan ushbu shaxsga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun uning bugungi kundagi sog‘lig‘i holati o‘rganiladi, shaxs bilan suhbat o‘tkazilib, uning maʼlumoti, kasbi, mehnatga bo‘lgan hohishini inobatga olib, unga kasblar, bajara olishi mumkin bo‘lgan mehnat sharoitlari to‘g‘risida maʼlumot hamda Bandlik va mehnat munosabatlari markazlariga yo‘llanma beriladi. Shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashishda ish beruvchilar tomonidan berilgan so‘rov xatiga asosan mumkin bo‘lgan mehnat turlari va sharoitlari to‘g‘risida maʼlumot berilishi mumkinligini bildirishdi.
Yaʼni aytish lozim, agar nogironligi bo‘lgan shaxs TMEK maʼlumotnomasida “Mehnatga layoqatsiz” deb xulosa yozilgan bo‘lsa ham, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va mehnat layoqati to‘g‘risida maʼlumot olish uchun nogironlik belgilagan tegishli TMEKga murojaat etishlari mumkin.

Yulduzxon Umarbekova, www.ishplus.uz loyihasi yuristi Toshkent shahar Bosh tibbiy mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) raisi o‘rinbosari Saidov Erkinboy Xayitovich javoblari asosida tayyorladi.

Diqqat! Agar sizda biron bir savol bo‘lsa, Telegramdagi @ishplus_bot ga yuboring va mutaxassislarimiz sizga aniq javob berishadi!
O‘z mehnat huquqlaringizni biling! Sizni nogironlik belgisi bo‘yicha ish beruvchi kamsitishga haqqi yo‘q. Agar sizning huquqingiz poymol etilgan bo‘lsa, biz sizga yuridik maslahat berishimiz va huquqlaringizni himoya qilishimiz mumkin.

Chop etilgan sana: 05/08/2021