Yangiliklar

Toshkent shahrida ishlash uchun propiska talab qilinishi to‘g‘rimi?

www.ishplus.uz loyihasi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat masalalari bo‘yicha sizning savollaringizga bizning mutaxassislarimiz javob berishadi.

SAVOL:
Toshkent shahrida ishga joylashayotganda Toshkent shahrida ro‘yxatda turilishi haqida (propiska) talab qilinishi to‘g‘rimi?

❗️JAVOB:
O‘zR Mehnat kodeksining 80-moddasi (Ishga qabul qilish vaqtida talab qilinadigan hujjatlar) ga binoan ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan shaxs quyidagi hujjatlarni:

  • pasport yoki uning o‘rnini bosadigan boshqa hujjatni, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar esa, — tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani;
  • mehnat daftarchasini, birinchi marotaba ishga kirayotgan shaxslar bundan mustasno. O‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasi o‘rniga asosiy ish joyidan olgan ma'lumotnomani;
  • harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar tegishincha harbiy biletni yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani;
  • qonunchilikka muvofiq maxsus ma'lumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega shaxslargina bajarishi mumkin bo‘lgan ishlarga kirayotganda oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplomni yoxud mazkur ishni bajarish huquqini beradigan guvohnomani yoki boshqa tegishli hujjatni taqdim etadi.
Ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan shaxsdan qonunchilikda ko‘rsatilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Demak, ishga kirayotgan xodimdan yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlardan tashqari boshqa hujjatlarni talab qilish bu noto‘g‘ri. Sizning pasportingiz borligi va unda O‘zbekistonning biron bir shahar yoki tumanida ro‘yxatda ekanligingiz yetarli. Toshkent shahar propiskasini talab qilinishi bu qonuniy emas.

Yulduzxon Umarbekova, www.ishplus.uz loyihasi yuristi


Diqqat! Agar sizda biron bir savol bo‘lsa, Telegramdagi @ishplus_bot ga yuboring va mutaxassislarimiz sizga aniq javob berishadi!

O‘z mehnat huquqlaringizni biling! Sizni nogironlik belgisi bo‘yicha ish beruvchi kamsitishga haqqi yo‘q. Agar sizning huquqingiz poymol etilgan bo‘lsa, biz sizga yuridik maslahat berishimiz va huquqlaringizni himoya qilishimiz mumkin.


Chop etilgan sana: 19/08/2021