
Ish Plus Mirzo Ulug‘bek ofisi xodimlari Bektemir tumanida ish izlovchilar uchun trening o‘tkazishdi
Ish Plus loyihasi Mirzo Ulug‘bek filiali xodimlari tomonidan 2024-yil 19- iyul sanasida Bektemir tumanidagi ish izlovchilar uchun ochiq mehnat bozoridagi mavjud ish o‘rinlariga yo‘naltirishga qaratilgan "IshPlus.uz maxsus rekruting vebportalida ro‘yxatdan o‘tish va ishga joylashish " mavzusida trening tashkil qilindi.
Barcha uchun teng jamiyat yaratishni asosiy maqsad qilgan Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS" nogironlar jamoat birlashmasi “Ish Plus” xodimlari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat faoliyati bilan ta’minlash va ish izlovchilarning mehnat huquqlaridan xabardorligini oshirish bo‘yicha turli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Shunday ishlarning davomi hisoblangan yana bir tadbir Bektemir tumani “INSON” ijtimoiy xizmatlar markazi va Zilola MFY bilan hamkorlikda Zilola mahalla fuqarolar yig‘ini binosida o‘tkazildi.
Trening doirasida ish izlovchilarga veb portalimizdan foydalanish , rezyume shakllantirish bo‘yicha tushunchalar berildi hamda ish izlovchilar mehnat bozorida duch kelgan ijtimoiy, huquqiy to‘siqlar atroflicha o‘rganildi va ularga kasbiy ko‘nikmalarni egallash bo‘yicha amaliy yordam , maslahat va yo‘nalishlar ko‘rsatildi.
Ish beruvchilar bilan ishlovchi koordinator Abdurahimova Matluba Ataxonovna kirish qismida so‘z oldilar va ishtirokchilarni loyihamiz maqsad va vazifalari bilan tanishtirdilar. Ishplus.uz veb portal orqali ro‘yxatdan o‘tish va rezyume to‘ldirish, shuningdek yumshoq ko‘nikmalarni shakllantirish, ish beruvchilar bilan suhbat davomida qanday muloqotga kirishish haqida ish izlovchilar bilan ishlovchi koordinator Yo‘ldosheva Shahodat Olimjon qizi ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdilar. Eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imo- Ishora tili tarjimonimiz Abduvaliyeva Shahnoza Baxodir qizi berilayotgan ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qildilar.
Treningda jami 12 ta ko‘rish bo‘yicha, jismoniy aqliy va eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan ish izlovchilar va nogironligi bo‘lgan shaxsning ota- onalari ishtirok etishdi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilarni qiziqtirgan savol va murojaatlar o‘rganildi. Unga ko‘ra ish izlovchilar uchragan asosiy to‘siqlar ish beruvchilar tomonidan ishga rasmiy mehnat shartnomasi asosida qabul qilinmagani bo‘lgan. Bundan tashqari ish davomida jamoa yoki boshqa shaxslar tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni kamsitish yoki huquqlarini u yoki bu shaklda toptash holatlari kuzatilgan.
Ishlash istagida bo‘lgan ishtirokchilar ma’lumotlari to‘plandi va kelgusiga ma’lumotlar ustida ishlab, ish izlovchilarni mos vakansiyalarga yo‘naltirish reja qilindi.
