Yangiliklar

Xalqaro mehnat tashkilotining bandlik boʻyicha katta mutaxassisi bilan www.ishplus.uz ofisida uchrashuv boʻlib oʻtdi

18-oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining munosib mehnat va ijtimoiy adolat boʻyicha ixtisoslashgan agentligi Xalqaro mehnat tashkilotining bandlik boʻyicha katta mutaxassisi Kazutoshi Chatani «SHAROIT PLYUS» NJB amalga oshirayotgan «www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali orqali nogironligi boʻlgan shaxslarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash» loyihasi ofisiga tashrif buyurdi.

Mirzo Ulug’bek tumani Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi ichida joylashgan www.ishplus.uz ofisida boʻlib oʻtgan yig’ilishda Oʻzbekistonda umuman nogironligi boʻlgan shaxslarni inklyuziyasi, xususan, ularni oʻqitish va munosib ish bilan ta’minlash muammolari atroflicha muhokama qilindi.

Mamlakatimizda inklyuziv iqtisodiy rivojlanish va nogironligi boʻlgan shaxslarninng iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun qanday sa’y-harakatlar va tashabbuslar zarurligi haqida Xalqaro mehnat tashkilotining mutaxassislari va www.ishplus.uz loyihasi xodimlari oʻzaro fikr-mulohazalar bilan almashishdi.

www.ishplus.uz loyihasi asoschisi va rahbari Dilmurod Yusupov loyihasi faoliyati va maqsadi, uni 2021-yil yanvar oyidan boshlab amalga oshirish jarayonida aniqlangan muammolar va ularni yechish uchun amaliy takliflar haqida taqdimot qildi. Shu kungacha loyiha doirasida erishilgan natijalar haqida bir nechta indikatorlar ham taqdim etildi:

  • www.ishplus.uz veb-portalida 897 nafar rfoydalanuvchi roʻyxatdan oʻtdi (799 nafar ish izlovchi va 87 nafar ish beruvchi);
  • Nogironligi bolgan shaxslar uchun 531 ta boʻsh ish oʻrinlari (vakansiyalar) e’lon qilindi; Turli xil nogironligi boʻlgan ish izlovchilarning 597 ta rezyumelari chop etildi;
  • Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 40 ta kasbiy tayyorgarlik kurslari haqida batafsil ma’lumot chop etildi;
  • 411 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga inklyuziv bandlikka koʻmaklashish xizmatlari ko‘rsatildi;
  • 2021-yil yanvar oyidan buyon 100 nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar uzoq muddatli ish bilan ta’minlandi.


XMTning bandlik boʻyicha katta mutaxassisi Kazutoshi Chatani www.ishplus.uz pilot loyihasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan ijtimoiy sheriklik asosida amalga oshirilayotganligini alohida e’tirof etib O‘zbekiston hukumati bunday noyob hamkorlikni xalqaro hamjamiyatga namoyish etib faxrlanishi lozim ekanligini ta’kidladi. Chatani janoblari butun mamlakat bo‘ylab www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali tomonidan ko‘rsatilayotgan inklyuziv bandlik xizmatlarini kengaytirish taklifini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Vazirlikning Band bo‘lmagan aholini ishga joylashtirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish boshqarmasi mutaxassisi Farida Begbutayeva yig’ilishda ishtirok etib www.ishplus.uz loyihasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Vazirlik bu sohada nogironligi bo’lgan shaxslarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash bilan shug’ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy buyurtmalar berish tanloviga topshirilgan arizalar ko‘rib chiqlayotganligini ma’lum qildi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash uchun 3 foizlik kvotani amalga oshirish mexanizmini tizimli tahlil qilish va ochiq mehnat bozorida muayyan kasblarga boʻlgan talabni hisobga olgan holda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun koʻproq kasbiy tayyorgarlik kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Yig’ilish yakunida www.ishplus.uz loyihasi orqali muvaffaqiyatli ishga kirgan nogironligi bo‘lgan shaxslar haqida tashkilot tomonidan tayyorlagan qisqacha video roliklar namoyishi bo‘lib o‘tdi.


Chop etilgan sana: 19/10/2022