
Ishga joylashishda nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitilish qanday bo‘ladi?
www.ishplus.uz loyihasi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat masalalari bo‘yicha sizning savollaringizga bizning mutaxassislarimiz javob berishadi.
❓SAVOL:
Ishga joylashish jarayonida nogironlik belgilari bo‘yicha kamsitilish qanday tushuniladi va bu huquq buzilishiga qanday qonuniy choralar belgilangan?
❗️JAVOB:
Avval nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish nima ekanligiga tushuncha hosil qilish kerak. O‘zbekiston Respublikasi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning 3 moddasiga binoan, nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitish — maqsadi yoki natijasi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqaroviy sohada yoki boshqa sohada o‘zgalar bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning teng huquq va erkinliklarini eʼtirof etishni yoki ro‘yobga chiqarishni inkor qilishdan iborat bo‘lgan, nogironlik sababli har qanday ajratib qo‘yish, istisno etish, chetlatish, cheklashlar tushuniladi.
Demak, ishga joylashishda ish beruvchi tomonidan nogironligi bo‘lgan ish izlovchini kasbiy salohiyati, uning eʼlon qilingan vakant ish o‘rni bo‘yicha qanday malaka va mehnat staji borligi, o‘rta maxsus taʼlim yoki oliy taʼlimga ega ekanligi haqida axborot olmasdan, o‘rganish o‘tkazmasdan, ishga joylashishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad javob berish nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitilish hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu qonunning 6 moddasida nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik prinsipi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko‘rish, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanadi.
Qonunning 18-moddasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning tengligini taʼminlash va kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikni belgilaydi. Unga ko‘ra, nogironlik belgisi bo‘yicha har qanday kamsitish taqiqlanadi. Teng imkoniyatlarni taʼminlash va nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun davlat organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar hamda xizmatlardan, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalardan, sog‘liqni saqlashdan, taʼlimdan, ishga joylashishdan, shuningdek axborotdan va aloqa vositalaridan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Davlat kamsitilishning barcha shakllaridan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy jihatdan teng ravishda va samarali himoya qilinishini kafolatlaydi. Davlat insonning asosiy huquqlari va erkinliklaridan foydalanish imkoniyatini berishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi.
Nogironligi bo‘lgan shaxs ishga joylashish jarayonida nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitilsa, Prokuratura va Sud organlarga, shuningdek, Ombudsmanga o‘z shikoyati, yaʼni buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat bilan murojaat etish huquqi bor:
- O‘zbekiston Respublikasi “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonuning 7-moddasiga binoan Prokuratura organlari fuqarolarning ariza va shikoyatlarini hamda yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadilar, ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini ko‘radilar. Prokuror o‘ziga tushgan taklif, ariza va shikoyatlarni tekshirish vazifasini zarur hollarda tegishli davlat boshqaruvi, nazorat va tekshirish organlariga, korxona, muassasa va tashkilotlarning mansabdor shaxslariga topshirish hamda ulardan tekshirishga taalluqli barcha materiallar bilan birga tekshirish natijalariga doir yozma axborot berishlarini talab etish huquqiga ega;
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga binoan har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Bu harakat O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 3-moddasiga binoan har qanday manfaatdor shaxs buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqi yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatini himoya qilish uchun fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga (sudga) murojaat qilishga haqli. Yaʼni nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitgan ish beruvchi yuridik shaxsning yuridik manzili bo‘yicha tuman Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga daʼvo ariza bilan murojaat etish huquqiga ega;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning "Inson huquqlari to‘g‘risida”gi qonunining 10 moddasiga binoan Vakil (Ombudsman) arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqadi. Vakil O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi va u o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega. Shikoyatlar og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda berilishi mumkin. Vakil qabul jadvallariga muvofiq jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabulini, shuningdek jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullarini tashkil etadi. Vakil sudning vakolat doirasiga kiradigan masalalarni ko‘rib chiqmaydi.
Yulduzxon Umarbekova, www.ishplus.uz loyihasi yuristi
Diqqat! Agar sizda biron bir savol bo‘lsa, Telegramdagi @ishplus_bot ga yuboring va mutaxassislarimiz sizga aniq javob berishadi!
O‘z mehnat huquqlaringizni biling! Sizni nogironlik belgisi bo‘yicha ish beruvchi kamsitishga haqqi yo‘q. Agar sizning huquqingiz poymol etilgan bo‘lsa, biz sizga yuridik maslahat berishimiz va huquqlaringizni himoya qilishimiz mumkin.
Chop etilgan sana: 25/10/2021
Agar sizga portal xizmatlaridan foydalanishda yordam kerak bo‘lsa, dushanbadan jumagacha soat 09:00 dan 17:00 gacha maʼlumot xizmatimiz bilan bog‘laning. Tushlik tanaffusi 13:00 dan 14:00 gacha.